Mundarija
Yevro-2024: Turkiya Gollandiyani yenga oladimi | Setanta Sports
2024 Iyul 06, 01:55 AM
3 mins read

Yevropa chempionati chorak finalini Angliya Shveysariyaga qarshi, Gollandiya esa Turkiya bilan o‘yinda davom ettiradi.

Yorqin Shveysariya inglizlar qarshisida

Guruhda va nimchorak finalda juda yaxshi futbol namoyish qilgan Shveysariya terma jamoasi Germaniya va Italiyadan so‘ng endi Angliya bilan maydonga tushadi. Murat Yakin shogirdlari jamoaviy jips va individual tarafdan ham ancha yorqin o‘yin ko‘rsatishmoqda. Inglizlar hozircha biror uchrashuvda muxlislarni chiroyli futbol bilan xursand eta olishmadi. Jamoa bilan 100-bahsini o‘tkazadigan Garet Sautgeyt o‘yinga o‘zgarishlar kiritmasa, Shveysariya to‘sig‘ini yengish oson bo‘lmaydi.

Taxminiy tarkiblar

Angliya: Pikford, Uoker, Stounz, Konsa, Trippe, Meyno, Rays, Saka, Foden, Bellingem, Keyn.

O‘ynamaydi: Gexi.

Diskvalifikatsiya xavfida: Bellingem, Foden, Gallaxer, Meyno, Trippe.

Shveysariya: Zommer, Sher, Akanji, Rodrigez, Vidmer, Jaka, Froyler, Abisher, Ndoye, Embolo, Vargas.

Diskvalifikatsiya xavfida: Froyler, Ndoye, Rodrigez, Siyerro, Jaka.

Garet Sautgeytning o‘yindan oldingi fikrlari

– Raqib yaxshi saviyali futbolchilarga ega, turli uslubda o‘ynay oladi. Bahs boshidan juda tajovuzkor futbol namoyish qiladi. Ular o‘z uslubiga yaxshi moslashadi, bunga tayyor bo‘lishimiz kerak. Hisobda oldinda borayotganda himoyada jips holda jamoaviy o‘ynashadi.

Murat Yakinning o‘yindan oldingi fikrlari

– Har bir kuchli jamoa maqsadga ega. Shu yerda ekanmiz, har bir bahsga hozir bo‘lishimiz shart. Angliya uch yil oldin finalga chiqqan. Uning qanday kuchli va zo‘r futbolchilarga egaligini barcha biladi. Yana bir katta jamoani o‘yinimiz bilan hayron qoldirishimiz lozim. Har narsa mumkin. Omad biz tarafda bo‘lishiga umid qilaman.

Turkiya yana sensatsiya taqdim etadimi?

Avvalgi bosqichda Avstriyadan ustun kelgan Turkiya yana bir bor qahramonlik ko‘rsatishga urinib ko‘radi. Guruhda Avstriyaga mag‘lub bo‘lgan Gollandiya bellashuv arafasida favorit sifatida ko‘rilmoqda. Bu jamoalarning oxirgi ikki to‘qnashuvida darvozalarga jami 13 gol urilgan. Ushbu musobaqada ham jamoalar ishtirokida hujumkor futbol kuzatilyapti. Shu sababli ko‘pchilik bu o‘yinning gollarga boy bo‘lishini taxmin qilmoqda. Turklarga tarkibdagi yo‘qotishlar qimmatga tushish ehtimoli mavjud.

Taxminiy tarkiblar

Gollandiya: Verbryuggen, Dumfris, De Vrey, Van Deyk, Ake, Shouten, Simons, Reynders, Malen, Depay, Gakpo.

Diskvalifikatsiya xavfida: Dumfris, Malen, Shouten, Verman.

Turkiya: Gyunok, Myuldur, Akaydin, Bardakchi, Kadio‘g‘li, Yokushlu, Ayxan, Yildiz, Cholxono‘g‘li, Yilmaz, Gyuler.

O‘ynamaydi: Demiral, Ko‘kchu, Yuksek.

Diskvalifikatsiya xavfida: Ayxan, Chakir, Chelik, Gyuler, Gyunok, Myuldur, O‘zjan, Yildiz.

Ronald Kumanning o‘yindan oldingi fikrlari

– Ba’zida bir bellashuvda nega juda yomon o‘ynaganing va boshqasida yuqori darajaga erishganingni tushuntirib berish qiyin. Ruminiyaga qarshi bahsni qiyin boshladik, ammo keyin muammoni yengib o‘tdik. Ikkinchi golni urish cho‘zilib ketgani tashvishli holat bo‘ldi. Natija doim eng muhim jihat. Va biz yaxshi futbol ko‘rsatishimiz ham darkor.

Vinchenso Montellaning o‘yindan oldingi fikrlari

– Gollandiya ham biz kabi iqtidorli jamoa va uchrashuv keskin kechishi aniq. Musobaqada eng kam tajribaga ega jamoalardan birimiz. Turnirda uzoq qolayotganimizdan xursandmiz. Men futbolchilar joylashuviga emas, taktikaga ishonaman. Raqibga qarab biz uni o‘yindan o‘yinga o‘zgartiramiz.

O‘yinlarni qanday tomosha qilish mumkin?

setantasports.com obunachilari O‘zbekistonda 51 bellashuvning barchasini jonli efirda bepul tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. O‘yinlarni faqat Setanta Sports OTT platformasi va ilovasida tomosha qilish mumkin.

Bugungi uchrashuvlar

Angliya – Shveysariya, 21:00

Gollandiya – Turkiya, 00:00